23.08.2016 4466

Mahalliy xomashyo asosida propan gazi tashuvchi avtotsisternalar ishlab chiqarilmoqda


Farg‘onada “O‘zbekiston infratuzilmasi – Farg‘ona vodiysi 2016" xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida qulay sarmoyaviy va biznes muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Mazkur ko‘rgazma ham ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ko‘rgazmada xalqaro kompaniyalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari tadbirkorlariga o‘z xizmat va texnologiyalarini taqdim etayotir. 

AQSh, Belgiya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya kabi o‘ndan ziyod davlat o‘ttizdan ortiq kompaniyasining tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, asbob-uskunalar va texnika bo‘limlarida namoyish etilayotgan texnologiyalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

– Ko‘rgazmada xorijiy ishlab chiqaruvchilar va hududlardagi iste’molchilar o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi zamonaviy texnologiyalar va ishlanmalar namoyish etilmoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Sultonov. – Bu tadbir bevosita aloqalar o‘rnatish, yangi dillerlik tarmoqlari yaratish va mavjudlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Tadbirda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab korxona va kichik biznes subyektlari ham o‘zlarining zamonaviy texnologiya va mahsulotlarini namoyish etmoqda. 

– Korxonamizda mahalliy xomashyo asosida propan gazi tashuvchi avtotsisternalar ishlab chiqarilmoqda, – deydi Farg‘ona shahridagi “Madad” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari o‘rinbosari Rahmatillo Isomiddinov. – Bu mahsulotlarimiz sifati va xalqaro talablarga mosligi bilan ichki bozorda xaridorgir. Ko‘rgazmada mahsulotlarimizni ham namoyish etib, uning afzalliklari haqida tushunchalar bermoqdamiz. 

Ko‘rgazma mamlakatimiz tadbirkorlari, ishlab chiqaruvchilari va xorijiy ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, chet el investitsiyalari va iqtisodiyotimizni ravnaq toptirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb etish borasida qulay imkoniyat yaratishga xizmat qiladi. 

Manba: uza.uz