03.09.2016 8059

Og‘ir judolik...


O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va respublikamiz tadbirkorlari, barchamiz uchun qadrli bo‘lgan mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotlari haqidagi xabarni chuqur va to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish qayg‘usi bilan qabul qildi.

Xalqimizning cheksiz muxabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo‘lboshchisi Islom Abdug‘anievich Karimov haqiqatdan buyuk tarixiy shaxs edi. Islom Karimovning qat’iyati va jasorati bilan respublikamiz mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiet yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. 

Islom Abug‘anievich Karimov O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini rivojlanishiga, uning jaxon miqyosidagi nufuzini hamda jamiyat farovonligini oshirishga yordam bergan keng miqyosli amalga oshirilgan ulkan ishlar va tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosidir. 

Birgina mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatni yangilash, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘sishi va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, bu yo‘nalishlarni amalga oshirishning garovi bo‘lmish tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatining izchil qadamlar bilan erkin rivojlanishiga kafolat va imtiyozlar beradigan siyosatni davom ettirish va kuchaytirish, shuningdek faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, solik yukini kamaytirish, yuksak texnologiyalar bilan qurollangan tarmoq va ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada qulay shart sharoitlarni yaratish, o‘rta sinf vakillari-tadbirkorlik, fermerlik harakati va xususiy biznes tuzilmalarining barcha moddiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini ustun quyish, ularga to‘liq imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berish va qullab-quvvatlash, xalqimizning real daromadlarini va farovonligini oshirish kabi ulkan ishlar bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq.

Barchamizning cheksiz muxabbatimiz, hurmat va ehtiromimizga sazovor bo‘lgan Islom Abdug‘anievich Karimov qalblarimizda abadiy qoladi va kelajak avlodlarni hotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik, taraqqiyot raxnomasi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi jamoasi va respublikamiz tadbirkorlari, barchamiz uchun o‘ta og‘ir judolik munosabati bilan marhumning oila-a’zolari va yaqinlari hamda O‘zbekiston xalqiga samimiy, chuqur hamdardligini bildiradi.

O'zSSP Matbuot xizmati