21.10.2016 5468

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsat etuvchi hujjatlarni topshirish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi


2016 yilning 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ruxsat etuvchi hujjatlarni topshirish tizimini takomillashtirish va soddalashtirish” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

   

Davra suhbatida Qonunchilik palatasining deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirliklarning mas’ul xodimlari, huquq va axborot texnologiyalari sohalari mutaxassislari, biznes, OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari faol ishtirok etdilar.

Xususan, 2016 yil 5 oktyabrь kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-4848 sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkning har tomonlama himoya qilinishi va ishbilarmonlik muhitini sifatli yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini amalda ijro etishga oid vazifalar bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar davra suhbatining kun tartibidan o‘rin oldi.

Davlat hokimiyati organlarining nazorat va boshqaruv funktsiyalarini yaanada qisqartirish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ruxsat etuvchi hujjatlarni topshirish tizimini takomillashtirish va soddalashtirish mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning eng muhim yo‘nalishi sanaladi.

   

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-4848 sonli 2016 yil 5 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkning har tomonlama himoya qilinishi va ishbilarmonlik muhitini sifatli yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturiga muvofiq, eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan ruxsat etuvchi toifaga mansub hujjatlarni bartaraf etish hamda ruxsat etuvchi tartib-tamoyillardan o‘tish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha vazifa davlat faoliyatidagi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Bu borada, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish va soddalashtirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy tashabbuslar va tavsiyalarni ishlab chiqish, jumladan, mazkur harakatlarni bevosita aloqasiz shaklda, ya’ni Internet butunjahon axborot tarmog‘i yordamida amalga oshirish kabi masalalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Davlat siyosatining tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish tizimini liberallashtirish bo‘yicha ustuvorliklariga muvofiq, respublikamizda biznesni ro‘yxatga olish tartibini yanada takomillashtirishga oid qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan bo‘lib, jumladan, ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari va uni amalga oshirish uchun zarur tartib-tamoyillar soni qisqartirildi, dastlabki ustav kapitalini shakllantirish, muxr va shtampni notarius tasdig‘idan o‘tkazish, kichik biznes sub’ektlari uchun banklarda hisob raqamlarini ochishda to‘lovlar amalga oshirish bo‘yicha talablar bekor qilindi. Bundan tashqari, 2014 yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini Internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmi joriy etilgan bo‘lib, bunda ro‘yxatdan o‘tish uchun barcha zarur hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohonoma va ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’sis hujjatlarini elektron shaklda taqdim etish imkoniyati mavjud.

   

Tadbirkorlik sub’ektlariga sifatli elektron davlat xizmatlarini taqdim etish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat samaradorligi va unumdorligini oshiradi. Ariza beruvchilar bilan bevosita aloqasiz elektron shakldagi muloqotning joriy etilishi korruptsiyaga qarshi kurashish, tadbirkorlik faoliyatini yuritishga oid to‘siqlarni bartaraf etish, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratib beradi.

Davra suhbati davomida muvofiq vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatning milliy axborot qonunchiligi talablari, xususan, “Elektron hukumat to‘g‘risida”, “Elektron hujjatlar aylanmasi to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari me’yorlariga muvofiqligi batafsil muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini Internet butunjahon tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini tartibga soluvchi qonuchilikni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ishtirokchilar qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining nizomlariga muvofiq ravishda, tadbirkorlik sub’ektlarini Internet butunjahon tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish va soddalashtirishni ta’minlashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi Qarori loyihasi ishlab chiqilishi zaruriyatini qayd etib, bo‘lib o‘tgan muhokamalar asosida uning matniga doir asoslangan takliflarini shakllantirdilar.

Prezentasiyalar: 

 

“Электрон ҳукумат” тизими доирасида рухсат берувчи ҳужжатларни ва давлат рўйхатидан ўтказиш жараёнларини электрон шаклга ўтказишни жадаллаштириш бўйича чоралар.

Интернет жаҳон ахборот тармоғи орқали тадбиркорлик субъектларига рухсат берувчи ҳужжатлар тақдим этиш ва давлат рўйхатидан ўтказиш тизимининг қонуний асослари.

Дальнейшее совершенствование НАЦИОНАЛЬНОЙ системы регистрации бизнеса и выдачи разрешительных документов в сфере предпринимательской деятельности через всемирную информационную сеть Интернет. Международный опыт.

O‘zSSP Matbuot xizmati