Tarix

10755

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi – Kichik biznesning ishonchli hamkori

O‘zbekiston iqtisodiyotining salmoqli ulushini tashkil etuvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakat rivojlanishida alohida o‘rin tutadi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2004 yil 7 iyuldagi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi xususiy sektor pozitsiyalarini mustahkamlash sohasiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Savdo-sanoat palatasi zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalardan biri – bu yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarda ilgari surish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi masalalarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, - deydi Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov. – Faoliyatining dastlabki yilida SSP saflarida 210 nafar tadbirkor birlashgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 25 mingdan oshdi. Ularning orasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillaridan tashqari, yirik kompaniyalar, bank va sug‘urta institutlari, lizing beruvchilar ham mavjud.

SSP faoliyatidagi muhim yo‘nalish – bu tadbirkorlarga mini-texnologiyalar va qurilmalarni izlash hamda xarid qilishda yordam berish. Mazkur maqsadda mahalliy tadbirkorlarning xorijga o‘nlab ishbilarmonlik safarlari tashkil etilib, ularning xalqaro ko‘rgazmalar va biznes-uchrashuvlarda, shuningdek, mamlakat ichidagi ko‘rgazmalardagi ishtiroki ta’minlanib kelmoqda. Bunday yondashuvning samarasini quyidagi raqamlarda yaqqol ko‘rish mumkin: agar 2004 yilda 800 nafar tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida jami 10 ta ko‘rgazmaviy tadbir uyushtirilgan bo‘lsa, 2013 yil yakunlari bo‘yicha ham O‘zbekiston, ham Germaniya, Xitoy, Turkiya, AQSh, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston kabi ko‘plab xorijiy davlatlarda 150 dan ziyod ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etildi.

2013 yilda xo‘jalik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini kengaytirish maqsadida, Palata tomonidan mahalliy tadbirkorlarning xorijga 70 dan ortiq ishbilarmonlik safarlari uyushtirildi, vaholanki, 2004 yilda bunday safarlarning soni atigi 12 ta bo‘lgan. Chet ellik tadbirkorlar ishtirokida O‘zbekistonda kooperatsiya birjalari tashkil etilishi haqida gapiriladigan bo‘lsa, o‘tgan yili bunday tadbirlarning soni 97 taga etdi. Ishbilarmonlik doiralari vakillari o‘zaro muzokaralar o‘tkazib, chet ellik tadbirkorlar bilan bevosita aloqalarni o‘rnatish hamda o‘zaro manfaatli savdo va investitsiyaviy hamkorlikning yo‘nalishlarini belgilab olishga erishdilar.

SSP xorijiy davlatlarning savdo-sanoat palatalari, tadbirkorlik uyushmalari va birlashmalari bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Bunday samarali hamkorlikka misol tariqasida tadbirkorlik faoliyatining turli jihatlari bo‘yicha ishlab chiqilgan qo‘shma loyihalarni qayd etish mumkin. Jumladan, SSP qoshida faoliyat yuritib kelayotgan Ekspertiza va sof ishlab chiqarish markazida tadbirkorlar ISO 9000, ISO 14000, «Kaydzen» xalqaro sifat standartlari bo‘yicha ta’lim oladilar. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), GFR Federal iqtisodiyot va texnologiya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan Boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturi mahalliy korxonalarning 300 dan ortiq menejerlariga Germaniyada ish o‘rganish imkonini yaratib berdi. Bu borada mamlakatimizda ayollarni o‘qitish uchun mo‘ljallangan o‘quv markazini yaratish imkonini bergan «Bernina AG» (Shveytsariya) kompaniyasi bilan hamkorlikdagi loyihalarning muvaffaqiyatini ham qayd etish lozim.

Savdo-sanoat palatasi tomonidan chet ellik hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar eksport ta’minoti hajmlarini oshirish imkonini bermoqda. Xususan, 2004 yilda Palata tomonidan 10 ta korxonaga yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2013 yil yakunlari bo‘yicha 98 ta o‘zbek korxonasi SSPning bevosita ko‘magida 76 million AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi mahsulotlarini eksport qilishga erishdi.

Jami bo‘lib, 2013 yil yakunlariga binoan 304 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari SSP xizmatlaridan foydalangan bo‘lib, 2004 yilda ularning soni 27 mingdan oshmagan edi. Odamlar avvalgidek faoliyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha murojaat qilib keladilar: biznesni ochish, rivojlantirish va qayta tuzishdan tortib, to tashqi bozorlarga chiqish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, birja xizmatlarini taqdim etish, kadrlarni tayyorlash va o‘qitishgacha bo‘lgan masalalar.

SSP o‘z faoliyatida tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishga alohida urg‘u beradi. Faoliyatining birinchi yilidayoq Palata mamlakatning xo‘jalik sudlarida biznesning manfaatlarini himoya qila boshlagan. 2004 yilda Palata tomonidan 37 ta shikoyat murojaati taqdim etilgan bo‘lsa, 2013 yilda bu raqam 33 mingdan oshdi. Bugungi kunga kelib 90 foizdan ziyod shikoyatlar tadbirkorlar foydasiga hal etildi. Mazkur yilda SSP qoshida Tadbirkorlik sub’ektlaridagi tekshiruvlarini monitoring qilish markazining tashkil etilishi tadbirkorlar huquqlari muhofazasini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Markaz nazorat organlari tomonidan o‘tkaziladigan 50 foizdan ortiq tekshiruvlar bo‘yicha monitoring olib boradi.

Savdo-sanoat palatasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, 2007 yilda SSP va uning hududiy boshqarmalari qoshida tashkil etilgan hakamlik sudlari tadbirkorlarning huquqlari va manfaatlari himoyasida samarali mexanizmlardan biriga aylandi. Hozirda biznesmenlar munozarali masalalarni ko‘rib chiqishning davlat sudlariga muqobil shaklidan tobora kengroq foydalanib kelmoqda, chunki hakamlik sudining qarori huddi fuqarolik yoki xo‘jalik sudi qaroriga teng yuridik kuchga ega. 2013 yil yakunlari bo‘yicha hakamlik sudlari tomonidan 668 ta ish ishlab chiqishga qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi biznes yuritishning xalqaro huquq me’yorlari va amaliyoti, ishbilarmonlik etikasini joriy etish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy va iqtisodiy sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan muvoqif qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash masalalarida faol ishtirok etadi. Davlat boshqaruvi organlari va xususiy sektor vakillari o‘rtasida konstruktiv va doimiy muloqotni rivojlantirish maqsadida, muvofiq qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma tavsiyalarni ishlab chiqish mexanizmi amal qiladi. 2013 yilning o‘zida Palata tomonidan hukumat, vazirliklar va idoralarning qonunlari, qarorlari va farmoyishlaridan iborat bo‘lgan 145 ta me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqilib, huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Xususiy sektorning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi tufayli mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti muntazam ravishda yaxshilanib, tadbirkorlik erkinligi mustahkamlanmoqda. Bularning bari yangi kichik korxonalar sonining ortishi, ularning ixtisosligiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Ma’lumki, mustaqillikning dastlabki yillarida kichik biznes savdodan boshlangan, bugun esa ishbilarmon shaxslar faol ravishda innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtiradigan ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosa oladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston tadbirkorlari tashqi bozorlarda yanada faol ishtirok etib, ularga yuqori sifatli to‘qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal mahsulotlari, qurilish materiallari, mebelь va ko‘plab boshqa tovarlarni etkazib bermoqda.

Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash hamda tadbirkorlarga real vaqt rejimida turli xizmatlar taqdim etilishi jarayonini tezlashtirish maqsadida, SSP tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga yangi kompьyuter texnologiyalari va dasturiy ta’minotlarni joriy etish bilan faol shug‘ullana boshladi. Deyarli bir vaqtning o‘zida SSP tomonidan ishga tushirilgan xususiy korporativ sayt - www.chamber.uz yildan-yilga modernizatsiyalanmoqda. Hozirda istalgan tadbirkorlik sub’ekti saytda taqdim etilgan interaktiv xizmatlardan real vaqt rejimida foydalanishi mumkin. Shu bilan birga, saytda “virtual ko‘rgazma”, “savdo maydonchasi”, “qurilmalar katalogi” modullari ishga tushirilgan bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan beriladigan eng ko‘p savollarga batafsil javoblar keltirilgan. Bundan tashqari, bu erda huquqiy maslahat olish, shuningdek, murojaatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Palata raisiga yo‘llash mumkin.

Palataning bevosita ishtirokida joriy etilgan yangiliklardan biri – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tadbirkorlik sub’ektlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini tashkil etish bo‘ldi. Tez orada portalning muvofiq bo‘limlarida Savdo-sanoat palatasining «SMS-to’lov» to‘lov tizimi, istalgan tadbirkor biznesni tashkil etish, uni rivojlantirish va mahsulot eksporti bo‘yicha masalalarga javoblar topa oladigan «Businessinfo.uz» interaktiv portali, «Call-center» axborot yordami, huquqiy maslahatlar kabi turli interaktiv xizmatlar ishga tushiriladi.

“Kelajakni birga quramiz” shiori ostida faoliyat yuritib kelayotgan Savdo-sanoat palatasi o‘z oldiga tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishi va manfaatlari himoyasini yanada takomillashtirishni maqsad qilgan. Uning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari bilan samarali hamkorligi biznes-muhitning yaxshilanishi, ichki bozorning raqobatbardosh mahalliy mahsulot bilan boyitilishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, shuningdek, aholi turmush darajasining yanada o‘sishiga xizmat qiladi.