Tadbirkorlik subektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar haqida umumiy tushunchalar

7449

Xo‘jalik subekti – belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik va jismoniy shaxs;

Nazorat organlari – qonunchilikda xo‘jalik sub’ektlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar;

Tekshiruv – nazorat va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan xo‘jalik sub’ektlarining qonunlar va ularning faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan amalga oshiriladigan bir yo‘la nazorat;

Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi — tekshiruvlarni hisobga olish maxsus kitobi bo‘lib, rasmiy hujjat sanaladi va unga nazorat hamda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan xo‘jalik subektining faoliyatini tekshirishga oid ma’lumotlar kiritiladi;

Kompleks tekshiruv — bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruv;

Moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvi (reviziya) — soliq va valyuta qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xo‘jalik subektlarining buxgalteriya, moliyaviy, statistik, bankka oid va boshqa hujjatlarini o‘rganish va taqqoslash;

Rejali tekshiruv — Respublika nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi tomonidan tasdiqlangan yillik (chorak) tekshiruv rejasiga kiritilgan tekshiruv;

Rejadan tashqari tekshiruv — nazorat organlari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartib va holatlarda amalga oshiriladigan, yillik (chorak) tekshiruvlar rejasiga kiritilmagan tekshiruv (jumladan qisqa muddatli);

Qisqa muddatli tekshiruv — nazorat organlari tomonidan bir ish kuni davomida o‘tkaziladigan va xo‘jalik subektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tekshiruv (kechki va (yoki) tungi vaqtda (tekshiruv kunidagi soat 18-00 dan keyingi kunning tonggi soat 6-00 gacha) ishlaydigan xo‘jalik subektlarida qisqa muddatli tekshiruv boshlangan vaqtidan to sakkiz soat davomida amalga oshiriladi);

Qarama-qarshi tekshiruv — operatsiyalar bir xilligi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan hamda turli xo‘jalik subektlarida yoki bir xo‘jalik subektining turli bo‘limlarida bo‘lgan hujjatlarni solishtirishdan iborat tekshiruv;

Kameral nazorat – soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotlari, shuningdek, davlat soliq xizmati organida mavjud bo‘lgan soliq to‘lovchi faoliyatiga oid boshqa hujjatlarni o‘rganish va tahlil qilish asosida o‘tkaziladigan tekshiruv.

Kameral nazorat soliq to‘lovchinikiga tashrif buyurilmagan holda, davlat soliq xizmati organi joylashgan manzil bo‘yicha o‘tkaziladi.

Nazorat tartibidagi tekshiruv — nazorat organlari tomonidan avvalgi tekshiruvda qayd etilgan qonun buzarliklarning xo‘jalik subektlari tomonidan bartaraf etilgani ustidan o‘tkaziladigan tekshiruv.

Har qanday tekshiruvni boshlashdan avval tekshiruvchi quyidagilarni bajarishi shart:

  •    Tadbirkorni tekshiruv maqsadlari va shartlari bilan tanishtirishi;

  •    Qonunchilikda belgilangan barcha hujjatlarni taqdim etishi;

  •    Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirishi.

  Agar tekshiruvchilar ushbu shartlarni bajarishdan bosh tortsa, ular TEKSHIRUV O‘TKAZISHI MUMKIN EMAS

 

 bosh sahifaga qaytish